Home / Biography

Biography

Abdulhamid Sulaymon ogli Cho'lpon — life and works

Cho'lpon
Born 1897
Died 1938

About his life

ABDULHAMID SULAYMON O‘G‘LI — CHO‘LPON
(1897-1938) Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon 1897-yilda [Hujjatlarda 1896, 1897, 1898 sanalari uchraydi. Lekin 1925-yildan to vafotiga qadar bo‘lgan davrdagi hujjatlar, shuningdek, shaxsiy pasporti va anketalarga Cho‘lponning o‘zi “1897” sanasini qayd etganligi sababli ushbu ma’lumot mo‘tabar sanalib, ilmiy jamoatchilik o‘rtasida qabul qilingan.]Andijon shahrining Qatorterak (hozirda Navoiy shoh ko‘chasi) mahallasida savdogar — bazzoz Sulaymonqul Muhammadyunus o‘g‘li (1874-1929) oilasida tavallud topgan. Cho‘lponning ajdodlari Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani Yorqishlog‘idan bo‘lib, dehqonchilik bilan shug‘ullanganligi ma’lum. Uning bobosi Muhammadyunus oxund XIX asrning 70-yillari boshida Andijon shahriga ko‘chib keladi va yuqoridagi manzildan hovli-joy sotib olib, istiqomat qila boshlaydi. So‘nggi aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, Muhammadyunus oxund ilmli kishi bo‘lib, hattoki uzoq yillar shahardagi nufuzli ta’lim dargohlaridan hisoblangan Xolbek qushbegi madrasasida mudarris sifatida faoliyat ko‘rsatgan va 1905-yilda vafot etgan. Demak, oiladagi ma’naviy muhit yaxshi bo‘lganligidan, Muhammadyunus oxundning barcha farzandlari zamonasining ma’rifatli kishilari bo‘lib yetishgan. Xususan Sulaymonqul ham uzoq yillar madrasada tahsil olib, diniy ilmlarda peshqadam bo‘lganligidan shahar aholisi uni hurmatlab “Mullo Sulaymonqul oxund” deya murojaat qilganlar. Bundan tashqari Andijon viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi xazinasidagi qator manbalar, 

xususan uning shaxsiy kutubxonasida saqlangan 100 dan ortiq nodir asarlar va adabiy merosi jamlangan 300 sahifalik qo‘lyozma devon uning yetuk ilmiy salohiyat va ijodiy qobiliyat egasi bo‘lganidan dalolat beradi. Cho‘lponning dastlabki savodi eski usul maktabida chiqadi. Oilada 4 farzandning to‘ng‘ichi va yagona o‘g‘il farzand bo‘lgan Abdulhamidning ta’lim-tarbiyasiga juda yoshligidan jiddiy e’tibor qaratadilar. Xat-savod tanigandan so‘ng otasi xususiy muallimlar tayinlab, tuzukroq bilim olishiga, uning moddiy ehtiyojlarini bekamu ko‘st ado etishga harakat qiladi. Cho‘lpon ilm tahsilini boshlagan davrda Andijon shahrida qator diniy madrasalar faoliyat yuritar edi. Uning o‘zi keyinchalik madrasada tahsil olganligini xotirlasa-da, aynan qachon va qaysi madrasada o‘qiganligi to‘g‘risida aniq ma’lumot keltirilmagan. Zamona taqozosiga ko‘ra, u dastavval puxta diniy ilm oladi, arab va fors tillarini, shu qatorda turk va tatar muallimlaridan zarur dunyoviy fanlarni, ayniqsa hisob ilmini o‘rganadi. So‘nggi izlanishlarga ko‘ra uning rus tilini uyda xususiy tarzda yoxud O‘sh shahridagi rus-tuzem maktabida o‘rgangan degan taxminlar ham yuzaga kelmoqda. Bunga uning keyinchalik Andijon rus-tuzem maktabi xususidagi kinoyali iddao va salbiy munosabatlaridan xulosa qilish mumkin. 1914-1915-yillarda “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Farg‘ona” gazetalari bilan hamkorlik qilgan Cho‘lpon 1915-1917-yillarda Andijonda chop etilgan “Turkestanskiy golos” gazetasi tahririyatida ishlagan. 1917-yil o‘rtalarida Andijon Eski shaharida ochilgan qiroatxonaga mudirlik qilgan. 1918-1919-yillarda o‘qituvchilik qilgan, 1919-yilda Andijon 

uyezd maorif sho‘’basida, Farg‘ona muzofot turk muallimlar kursida ishlagan. 1919-21-yillarda RosTAning Toshkent Eski shahar bo‘limiga rahbarlik qilgan. 1920-yil yoz mavzumida RosTAning Andijon eski shahar bo‘limi boshlig‘i va gazetaning mas’ul muharriri, ayni paytda 6 oylik tayyorlov kursida ham dars beradi. 1920-yilda “Turon” teatri direktori vazifasini bajargan. 1921-1922-yillarda “Buxoro axbori” gazetasi muharriri, bir muddat Buxoro jumhuriyati davlat nashriyoti mudiri bo‘lib turgan. 1921-22-yillarda O‘zbek ilmiy xay’ati raisi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 1923-yilning may oyidan boshlab Andijonda “Darxon” gazetasida ishlagan. “Darxon” to‘xtagach Andijon uyezd harbiy-inqilobiy qo‘mitasida, “Vaqf” sho‘basida ham faoliyat ko‘rsatgan. 1923-yil oktyabr oyida Soliha ismli qizga uylangan. Shu yil dekabrda Qo‘qonga borib, “Farg‘ona” gazetasida adabiy xodim va muxbir sifatida faoliyat olib boradi. 1924-25-yillar mobaynida “Farg‘ona”, “Turkiston” gazetalarida muxbir sifatida faoliyat olib borgan. 1925-1927-yillarda Cho‘lpon Moskvada, Buxoro Maorif uyi qoshidagi o‘zbek dramstudiyasi tarjimon va adabiy xodim bo‘lib ishlagan. 1927-31-yillarda Samarqandda O‘zbek davlat teatr truppasida adabiy emakdosh sifatida faoliyat olib borgan. 1927-28-yillarda “Zarafshon” gazetasida ishlagan. 1931-34-yillarda Moskvada Ittifoq Xalq komissarlar sovetida tarjimon sifatida faoliyat yuritgan. 1934-yil o‘rtalarida Toshkentga qaytib kelib, Hamza teatrida adabiy emakdosh, “Mushtum” va “Guliston” jurnallarida adabiy xodim bo‘lib ishlagan.

  • 1937-yil 13-iyulda qamoqqa olinadi va 1938-yilning 4-oktyabrda “xalq dushmani” sifatida otib tashlanadi.

  • 1958-yilda oqlangan.

  • 1991-yilda “Alisher Navoiy” nomidagi davlat mukofoti, 1999-yilda “Mustaqillik” ordeni bilan taqdirlangan.











Life path

1897

Tug'ilishi

Abdulhamid Sulaymon o'g'li Cho'lpon Andijon shahrining Qatorterak mahallasida tug'ildi. Otasi Sulaymon Muhammadyunus o'g'li savdogar bo'lib, o'z davrining ma'rifatli kishisi edi.

1914

Ijodining boshlanishi

Dastlabki ijod namunalari "Sadoyi Turkiston" va "Sadoyi Farg'ona" gazetalarida chop etila boshladi. "Cho'lpon" taxallusi bilan tanila boshladi — cho'lpon yulduzi kabi xalqqa nur sochishni orzu qildi.

1920

Ijodiy faoliyati avji

Ko'plab gazeta va jurnallarda ishladi. Bu davrda eng ko'p she'rlar yozdi. Milliy uyg'onishga chaqiruvchi asarlari keng ommalashdi.

1927

G'oyaviy qoralash

Samarqandda bo'lib o'tgan ziyolillar qurultoyida millatchilik va g'oyaviy buzuqlikda ayblanadi. Matbuotda mafkuraviy hujumlar qilinadi, asarlari e'lon qilinishi cheklanadi.

1937

Qatag'on

Stalin qatag'oni davrida millatchilikda ayblandi va qamoqqa olindi. Ko'plab zamondosh adib va ziyolilar kabi u ham siyosiy ta'qibga uchradi.

1938

O'limi

4-oktyabr kuni Toshkentda uchlik hukmi bilan otib tashlandi. 1956-yilda oqlandi. Bugun Cho'lpon o'zbek adabiyotining eng ulug' siymolaridan biri sifatida e'zozlanadi.